Olimpiada nizomi ➡️Yuklab olish
2026-2027-O‘QUV YILI UCHUN UMUMTA’LIM FANLARI BO‘YICHA
ASOSIY OLIMPIADANING BIRINCHI (MAKTAB) BOSQICHINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH BO‘YICHA
TAVSIYALAR
1-§. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-sentabrdagi “Iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktabni aniqlash tizimini joriy etish to‘g‘risida” 562-son qarorining 1-ilovasidagi Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ushbu tavsiyalar 2026-2027-o‘quv yili uchun umumta’lim fanlari bo‘yicha Asosiy olimpiadaning birinchi (maktab) bosqichini (keyingi o‘rinlarda – Olimpiada) tashkil etish va o‘tkazish jarayonida qo‘llaniladi.
2-§. OLIMPIADANI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH BO‘YICHA TAVSIYALAR
2. Olimpiada davlat va nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining 9-11-sinf o‘quvchilari, akademik litsey va kasbiy ta’lim tashkilotlarining (sobiq kasb-hunar maktablari) 1-2-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun: O‘tgan o‘quv yilida asosiy olimpiadaning uchinchi bosqichida 1-o‘rinni egallagan va hozirda maktab, akademik litsey yoki kasbiy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan o‘quvchilar olimpiadaning birinchi (maktab) hamda ikkinchi (tuman) bosqichida ishtirok etmaydi. Ular joriy oʻquv yilida asosiy olimpiadaning uchinchi bosqichida oʻtgan oʻquv yilida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan fani boʻyicha ishtirok etadi.
3. Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazishda ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
olimpiada o‘tkaziladigan kunlarini belgilash va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;
har bir fan bo‘yicha hakamlar hay’ati tarkibini tuzish (3-7 nafar), apellyatsiya komissiyasi a’zolari ro‘yxatini shakllantirish;
nazorat materiallarini tayyorlash va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish;
olimpiada natijalari va hakamlar hay’ati qarori asosida g‘oliblarni keyingi bosqichda ishtirok etishi bo‘yicha tavsiyani yuqori turuvchi tashkiliy qo‘mitaga taqdim etish.
4. Olimpiada o‘tkaziladigan joy va muddatlari bo‘yicha barcha o‘quvchilar olimpiadadan kamida 3 kun oldin (e’lonlar taxtasi, ijtimoiy tarmoqlar va Telegram guruhlarga e’lon joylashtirish, fan o‘qituvchilari tomonidan mashg‘ulotlar vaqtida, umumiy saflanishda og‘zaki e’lon qilish va boshqalar) xabardor qilinishi lozim.
O‘quvchilarni olimpiada o‘tkazilishi haqida xabardor qilishni ta’minlashga ta’lim muassasasi direktori shaxsan mas’ul hisoblanadi.
O‘quvchilar olimpiadalarda o‘z xohishlariga ko‘ra, ixtiyoriy ravishda qatnashadilar.
Ayrim sabablarga ko‘ra belgilangan muddatda olimpiadada ishtirok etmagan o‘quvchi uchun qayta olimpiada o‘tkazish hamda keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etish mumkin emas.
5. Har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafargacha g‘olib aniqlanadi va maktab pedagogik kengashining (yoki nodavlat ta’lim tashkiloti rahbarining) qarori bilan olimpiadaning keyingi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
Olimpiadani o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar, nazorat materiallarining maxfiyligi, jarayonni adolatli va shaffof o‘tkazilishini ta’minlashga ta’lim muassasasi direktori mas’ul hisoblanadi.
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi olimpiadaning birinchi bosqichini tashkil etilishni muvofiqlashtiradi hamda adolatli va shaffof o‘tkazilishi bo‘yicha nazoratni amalga oshiradi.
Maktab bosqichi g‘oliblari Markazning maxsus platformasida (https://olimpiada.uzedu.uz/) belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda ularning ro‘yxati ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan tasdiqlanishi kerak. Belgilangan muddatlarda mazkur platformada ro‘yxatdan o‘tmagan, ariza topshirmagan va ta’lim muassasasi rahbari tomonidan tasdiqlanmagan birinchi bosqich g‘oliblari olimpiadaning keyingi bosqichida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Olimpiada nizomi ➡️Yuklab olish
3-§. OLIMPIADA NATIJALARINI BAHOLASH
6. Olimpiada natijalarini baholash fanlar bo‘yicha ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
Olimpiada natijalarini baholash olimpiada o‘tkazilgan kuni amalga oshiriladi.
7. Olimpiada fanlar bo‘yicha test topshiriqlari, yozma va amaliy ish shaklida tashkil qilinishi mumkin.
Nazorat materiallari o‘quvchilarning bilim, ko‘nikmalarini standart va nostandart masalalarda, amaliy topshiriqlarda qo‘llay olish malakalarini va kompetensiyalarini baholashga qaratilgan bo‘lishi lozim.
8. Olimpiada ishtirokchilari topshiriqlarni o‘zbek yoki rus tillarida bajarishi mumkin. Chet tillar va qardosh tillar bundan mustasno.
Olimpiada nizomi ➡️Yuklab olish
4-§. HAKAMLAR HAY’ATI
9. Olimpiadada ta’lim muassasasi pedagogik kengashi tomonidan 3 kishidan 7 kishigacha tarkibda hakamlar hay’ati tuziladi. (ta’lim muassasasida fan o‘qituvchilari soni kam bo‘lgan taqdirda, boshqa ta’lim muassasalarining fan o‘qituvchilarini olish mumkin)
10. Ishtirokchilarga topshiriqlarni bajarish uchun berilgan vaqt yakunlangandan so‘ng auditoriya rahbari tomonidan, ularning ishlari yig‘ib olinadi va shifrlangan holda hakamlar hay’atiga topshiriladi.
11. Hakamlar hay’ati olimpiada ishtirokchilari tomonidan bajarilgan ishlarni xolisona tekshiradi va baholaydi.
12. O‘quvchilarning ishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholangandan so‘ng, topshiriqlar hamda ularning yechimlari e’lonlar doskasiga osiladi.
13. Hakamlar hay’ati yakuniy ballarni qarorga kiritib, barcha ishtirokchilarning natija va qarorlarini e’lonlar doskasiga osadi.
Baholash jarayoni soat 18:00 dan kechikkanda natijalarni avvaldan maxsus tashkil etilgan va barcha ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lgan telegramm kanal yoki guruhlarda e’lon qilish mumkin.
14. Hakamlar hay’ati topshiriqlar va ularning yechimi yuzasidan ishtirokchilarning talabiga ko‘ra tushuntirish berishi mumkin.
15. Hakamlar hay’ati qaroridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar apellyatsiya komissiyasiga shu kunning o‘zida murojaat qilishga haqli.
Olimpiada nizomi ➡️Yuklab olish
5-§. APELLYATSIYA KOMISSIYASI
16. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’ati tarkibiga kirmagan uch nafargacha fan mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi. (ta’lim muassasasida fan o‘qituvchilari soni kam bo‘lgan taqdirda, boshqa ta’lim muassasalarining fan o‘qituvchilarini olish mumkin)
17. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan olimpiada ishtirokchilarining arizalari olimpiada natijalari e’lon qilingan kunning o‘zida qabul qilinadi. Apellyatsiya jarayonida hakamlar hay’ati a’zolari, ishtirokchi va uning fan o‘qituvchisi ishtirok etishi mumkin.
18. Apellyatsiyaga olimpiada ishtirokchilarining faqatgina o‘zlari tomonidan bajarilgan ishlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha natija e’lon qilingandan so‘ng shu kunning o‘zida arizalar qabul qilinadi.
19. Hakamlar hay’ati tomonidan baholangan ishtirokchining bajargan ishida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’ati qarorini bekor qilish yoki ularga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.
20. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hay’atiga apellyatsiya natijalari bo‘yicha izoh berib, olimpiada natijalarini o‘zgartirishi mumkin va bunda hakamlar hay’ati qarori qayta tasdiqlanadi.
Olimpiada nizomi ➡️Yuklab olish