Oʻzbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda

Muhokamalar portaliga joylashtirilgan loyihaga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borish va 2039-yilda erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinmoqda. Muhokamalar portaliga “Aholi farovonligini taʼminlash va pensiya taʼminoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. 

Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblab chiqarish uchun inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davomidagi besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirib borilgan holda yigirma yillikdagi ish haqi davriga yetkaziladi. 
Bunda pensiya tayinlashda oʻrtacha ish haqini aniqlashda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etiladi. Yoshga doir pensiya tayinlash uchun belgilangan kamida 7 yil ish staji har yili bir yilga bosqichma-bosqich oshirilgan holda 2034-yilda 15 yilga yetkaziladi. 

Bunda eng kam ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yildan keyin yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi. 

Shuningdek, yuqori daromaddan ijtimoiy soliq toʻlayotgan hamda pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida 2028-yil 1 apreldan boshlab birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi: 

➖pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga;

➖6 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha;

➖12 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha oshirish tartibi joriy etiladi. 
Bundan tashqari, loyihada 2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish belgilangan. 

2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039-yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi. 

➡️Qaror loyihaga ovoz berish 

 

Manba